So`nggi yillarda aholini tabiiy toza va servitamin oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash, meva-sabzavotchilik va bog`dorchilik yanada rivojlantirilmoqda. Bu haqda "Darakchi.uz"ga Qishloq xo`jalik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Ayniqsa, sohani kengaytirishning zamonaviy usullarni keng joriy etish, bog`bonlar ilg`or tajribasini ommalashtirishda yangi imkoniyatlar yaratilgan. Viloyatlarda barpo etilgan intensiv bog`larda olma, gilos, olxo`ri, behi kabi mevali daraxt ko`chatlarining voha iqlimiga chidamli navlari ekilmoqda. Shu bilan birga, yaxshi rivojlangan navlar ko`paytirilib, bog`dorchilik fermer xo`jaliklariga etkazib berish yo`lga qo`yilgan. Xususan, Farg`ona viloyatida 43 ming gektar bog` barpo etilgan. Bu erda nafaqat fermer xo`jaliklari balki, tomorqa erlarida tashkil etilgan intensiv bog`dorchilik tajribasi yuqori natija bermoqda. – Yurtingiz bog`larida etishtirilgan sarxil mevalarning sifati va mazasi dunyo bozorida juda mashhur, – deydi Farg`ona viloyati qishloq xo`jaligi boshqarmasi bog`dorchilik bo`limi bosh mutaxassisi Elyor Jalolov. – Tashkil etilayotgan intensiv bog`larning afzal tomoni nisbatan kichik maydondan, kam suv sarflab, ko`p hosil olish mumkin. Mahalliy bog`larda bu ko`rsatkich ancha past. 2019 yil va joriy yil boshida viloyatimizda 2 ming 100 gektar xuddi shunday bog`larni tashkil etdik. Joriy yilda 350 ming tonnadan ortiq sarxil mevalar etishtirishni maqsad qilganmiz. Uning asosiy qismi eksport va qayta ishlashga yo`naltirilsa, qolgani ichki bozorga arzon narxlarda sotiladi. Ayni paytda Quva tumanidagi fermer xo`jaliklari va tomorqa erlardagi bog`larda ertapishar gilosning ilk hosili terib olinmoqda. Yana o`n kunda butun viloyatimizda bu kabi tabdirlar jadal olib boriladi. Buning uchun mirishkor bog`bonlarimiz bog`da parvarishlanayotgan ko`chatlarning rivojlanishi, ularga ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashmoqda.